KASBIY-AXLOQIY MADANIYAT VA UNING FALSAFIY MOHIYATI
Atabayev Qodirjon Komilovich
IIV Malaka oshirish institutining ma'naviy-ma'rifiy islar bo'yicha o'rionbosari https://doi.org/10.5281/zenodo.10819346
Annotatsiya. Mazkur maqolada kasbiy-axloqiy madaniyat va uning falsafiy mohiyati masalalari yoritilgan. Bugungi kunda, huquq-tartibot idoralari vakillari faoliyatining yuqori standartlariga davlat tomonidan qaratilayotgan e 'tibor ularning professionalligini oshirishga xizmat qilmoqda. Davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining kasbiy-axloqiy madaniyatini rivojlantirish ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligining mezonlaridan biridir.
Kalit so'zlar: kasbiy-axloqiy madaniyat, xulq, axloq, tarbiya, professionallik deformatsiyasi.
Axloqiy madaniyat xususida so'z borar ekan, bunda asosiy e'tiborni uning o'zagi bo'lgan axloq atamasining falsafiy tahliliga qaratmoq lozim. Axloq ruscha - "moral" yoki lotincha "mores", "moralis" so'zlaridan olingan bo'lib, uning ma'nosi "xulq", "odat" degan ma'nolarni anglatadi. Axloq - ijtimoiy ongning muayyan shakli sifatida, kishilarning ijtimoiy va shaxsiy hayotida bir-birlariga bo'lgan munosabatlarini, ya'ni hatti-harakatlarining yig'indisidir. Shuningdek, "axloq" atamasi arab tilidagi "xulq" so'zining ko'plikdagi ifodasidir [1. B. 7].
Axloqning falsafiy tahlili va uning tamoyillarini o'rganuvchi fan "Etika" deb nomlanib, grekcha va yunoncha "ethos" degan so'zlardan olingan va uning ma'nosi ham tarjimada "xulq-odat" degan ma'nolarni o'zida mujassamlashtiradi [2. B. 17]. Etika fani falsafa fani tarkibida bo'lib, axloqiy prinsiplar, normalarni shuningdek, axloqning manbai va kelib chiqish kategoriyalarini o'rganuvchi fandir.
Kasbiy madaniyat nafaqat qadriyatlarga sodiqlikda, balki insonlarning ehtiyojlariga mos ravishda ijtimoiy munosabatlarni sifat jihatidan ta'minlashda ham namoyon bo'ladi. Kasbiy madaniyat davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining kasbiy vazifalarini O'zbekiston Respublikasi qonun normalari orqali tartibga soladi. Inson huquqlarini muhofaza qilish faoliyati Kasbiy-axloqiy madaniyat bilan chambarchas bog'liq bo'lib, unda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni hurmat qilishga e'tibor qaratish, kasbiy va ijtimoiy o'zaro munosabatlar qoidalarini aniq amalga oshirish, xizmat vazifasida maxsus vositalardan foydalanish bilan bog'liq kasbiy ko'nikmalarga ega bo'lish, rasmiy intizomga rioya qilish, korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlarida belgilangan tamoyillarga amal qilish, insonlarning sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, xushmuomalalik, mulozamat ko'rsatish, jismoniy tayyorgarlik va ijtimoiy-psixologik salomatlikni saqlash kabi qoidalarni o'z ichiga oladi.
Bugungi kunda, huquq-tartibot idoralari vakillari faoliyatining yuqori standartlariga davlat tomonidan qaratilayotgan e'tibor nafaqat ularning professionalligini balki, ichki ishlar xodimlarining kasbiy-axloqiy madaniyatga oid fazilatlarini ham shakllantirib boradi. Shunday ekan, davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining kasbiy-axloqiy madaniyatini shakllantirish, bir tomondan ularning umummadaniy qadriyatlarga bo'lgan hurmati va insoniylik fazilatlarini namoyon etsa, ikkinchi tomondan ijtimoiy normalar va qoidalarga e'tibor qaratadigan sodiq, jamiyatning ishonchli vakili bo'lishi hamda me'yoriy hujjatlarda ko'rsatilganidek, insonlarning haq-huquqlarini muhofaza qilish yo'lidagi ichki ishlar xodimlari faoliyatining atributiv xususiyatlarini yaqqol namoyon etadi.
Davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining kasbiy-axloqiy madaniyatini
rivojlantirish ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligining mezonlaridan biri bo'lib, bu bugungi kunda ichki ishlar xodimlariga nisbatan jamoatchilikning ishonchi va fuqarolarning qo'llab-quvvatlashidan ham namoyon bo'lmoqda. Zero, jamoatchilik fikri ichki ishlar organlari fuqarolar oldidagi obro'-e'tiborini o'zida mujassamlashtiradi.
Yangi O'zbekiston sharoitida, davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlari yoki, umuman ichki ishlar xodimlariga nisbatan jamoatchilik fikrining ijobiy bo'lishi ichki ishlar xodimlarining shaxsiyatiga qolaversa ularning kasbiy-axloqiy madaniyatiga e'tibor qaratishni taqozzo etadi [3]. Jamoatchilik fikrining salbiy bo'lishi jamiyatda uzoq muddatli, murakkab muammolar mavjudligidan dalolat bo'lib, bular asosan korrupsiya va mansab mavqeidan o'z maqsadlari yo'lida foydalanish, mansab vakolatini suiiste'mol qilish kabi muammolarning borligini bildiradi.
Uzoq yillik mehnat faoliyati tajribalari natijasiga ega bo'lgan davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining o'z kasbiy vazifalarini sidqidildan bajarishi va fuqarolar bilan muloqot qilishda kasbiy-axloqiy madaniyat tamoyillariga amal qilishining namoyon bo'lishi nafaqat hayotiy tajribalarda balki, ko'plab ilmiy tadqiqotlarda ham o'z ifodasini topgan [4].
Bugungi kunning zamonaviy tadqiqotlarida davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining kasbiy-axloqiy madaniyatini rivojlantirish yoki nazorat qilib borish turli xildagi sotsiologik so'rovnomalarning o'tkazilishi bilan aniqlab boriladi. Davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining kasbiy-axloqiy madaniyatining pastligi yoki uning xizmat vazifasiga noloyiqligi fuqarolar bilan muloqot qila olmasligi, muloqot madaniyatining pastligi, so'zlashuvda qo'pol iboralarni qo'llashi va haqoratomuz ohanglarda javob qaytarishida namoyon bo'ladi. Bu esa, ichki ishlar xodimlari orasida professionallikning buzilishiga va kasbiy-axloqiy madaniyatning deformatsiya holatiga kelib qolishiga zamin yaratadi. Natijada, davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining ijobiy imidji va kasbiy-axloqiy madaniyati haqidagi salbiy fikrlarini shakllantirishi olib keladi.
Bunday professionallik deformatsiyalarining vujudga kelmasligi davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining doimiy ravishda malaka oshirishi va kasbiy tayyorgarlikdan o'tishini taqozzo etib, huquqni muhofaza qilish organlari xodimi sifatida kasbiy-axloqiy madaniyatning asosini tashkil etuvchi umuminsoniy qadriyatlarga ijobiy munosabatni shakllantiradi.
Lekin, shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, kasbiy faoliyat jarayonida ichki ishlar xodimlari xizmat vazifasi tufayli umuminsoniy madaniyat tamoyillariga umuman to'g'ri kelmaydigan holatlarga ham duch kelishadi. Ko'p millatli yurtimiz jamiyatida turli madaniyatlarning joylashuvi hamda umummadaniy qadriyatlarini mensimaydigan fuqarolarga duch kelish, ulardagi o'zaro hurmatsizlik, hatti-harakatlari va jinoiy muhitga moyillikning yuqoriligi ichki ishlar xodimlarida kasbiy professionallik va axloqiy komillikni talab etadi. Ayrim fuqarolarning axloqsiz xatti-harakatlarini kuzatish natijasida xodimlarning odamlarga ishonchi, jinoyatchilarni isloh qilish imkoniyatiga nisbatan nekbinlik, aholiga nisbatan shubha, ularning muammolariga loqaydlik paydo bo'lishi ham mumkin. Aynan shuning uchun, davlat boshqaruvidagi ichki ishlar xodimlarining davriy malaka oshirishi ularning kasbiy-axloqiy madaniyatni rivojlantirishdagi samarasi beqiyosdir. Zero, malaka oshirish huquqiy va kasbiy normalar va qoidalar hamda qadriyatlarga asoslangan munosabatni shakllantirib, xodimlarning kasbiy o'sish istiqbollarini belgilab beradi.
REFERENCES
1. Abdulla Sher. Axloqshunoslik: Oliy ta 'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo'nalishlari uchun darslik. - Т.: O'zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2010. — 328 b.
2. Этическая мысль. Том 15. Отв. ред. А.А.Гусейнов. Москва: ИФ РАН, 2015. 361 с.
3. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20-yanvardagi "Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo'naltirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi PQ-10-son qarori.
4. С.А.Тимко. Общественное мнение о деятельности органов внутренних дел. Журнал Психопедагогика в правоохранительных органах - 2005. - № 1. - С. 9.