INNOVATSION IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISHDA OLIY TA'LIMNING O'RNI
VA AHAMIYATI Baymanova Mavlyuda Djurayevna
Angren universiteti katta o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.10799640
Annotatsiya. Ushbu maqolada ta'lim sohasining ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotdagi ahamiyati hamda O'zbekistonda oliy ta'lim tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning natijalari o'rganilgan.
Kalit so 'zlar: Ta'lim tizimi, oliy ta'lim, ilm-fan, ta'lim islohotlari, talim sifati, Taraqqiyot strategiyasi.
Аннотация. В данной статье исследуется значение сферы образования в социально-экономическом развитии, а также реформы и их результаты в развитии системы высшего образования в Узбекистане.
Ключевые слова: Система образования, высшее образование, наука, образовательные реформы, качество образования, Стратегия развития.
Abstract. This article examines the importance of the education sector in social and economic development, as well as the reforms and their results in the development of the higher education system in Uzbekistan.
Keywords: Educational system, higher education, science, educational reforms, quality of education, Development strategy.
Hozirgi kunda dunyoda ta'limning ahamiyati izchil oshib bormoqda, u nafaqat iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va raqobatbardoshlikni oshirishning, balki butun jamiyatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishning eng muhim omillaridan biriga aylandi. Aynan ta'lim sifati orqali millatning madaniyati, aql-zakovati va ma'naviyati darajasi, milliy iqtisodiyot va fuqarolik jamiyatining holati, uning rivojlanish darajasi belgilanadi. Shu boisdan zamonaviy jamiyatda ta'limga oddiy insondan tortib butun millat va xalqning bugungi kuni va istiqbolini belgilovchi soha sifatida qarash mumkin.
Jahon tajribasi ham dunyodagi rivojlangan davlatlarning yuksak taraqqiyot va turmush farovonligiga erishishi avvalo ta'lim va ilm-fanga qaratilgan ulkan e'tibor natijasida bo'lganligini ko'rsatadi. Ta'limning asosiy maqsadi o'zgaruvchan dunyoda o'z taqdirini o'zi belgilashga qodir, ijodkorlik, rivojlangan mas'uliyat hissiga ega bo'lgan barkamol shaxsni, yuqori malakali mutaxassislarni shakllantirishdan iboratdir. Ta'lim tizimi malakali ishchi kuchini shakllantirish va uning sifatini oshirish orqali mamlakatda barqaror yuqori iqtisodiy o'sishni ta'minlaydi. Shu bilan birga, ta'lim tizimi va fan sohasi o'rtasidagi bog'liqlik fan-texnika taraqqiyoti natijalari bo'lgan innovatsiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish orqali iqtisodiy o'sish sur'atlariga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Ta'lim va fanning rivojlanishi natijasida bugungi kunga kelib "inson kapitali" dunyo milliy boyligining 64 foizini tashkil etmoqda. Bu ko'rsatkich rivojlangan mamlakatlarda 70 foiz, o'rta daromadli mamlakatlarda 58 foiz, past daromadli mamlakatlarda esa 41 foizni tashkil etadi [1] .
Mustaqillik yillarida respublikamizda ta'lim va ilm-fanni rivojlantirishga katta ahamiyat berilib, yangi ta'lim texnologiyalari va o'qitish uslublarini joriy etish orqali ta'lim sifatini oshirish, uni zamonaviy dunyo talablariga moslashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa oxirgi yillarda ta'lim tizimini rivojlantirishga davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Mamlakatimizda ta'limga ajratiladigan mablag'lar oshirildi, ilm-fan va
innovatsiyalar rivoji uchun shart-sharoit yaratildi. Ta'lim tizimidagi islohotlar uchun davlat budjetidan xarajatlar so'nggi 2018-2023-yillarda yilda 4,3 baravarga ko'paytirildi.
Ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotda ta'limning barcha turlari va bosqichlarining roli beqiyosdir. Shu bilan birga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda oliy ta'lim alohida ahamiyat kasb etadi. Mustaqillik yillarida O'zbekistonda oliy ta'lim va fan sohasini rivojlantirish borasida ham keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Oliy ta'lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta'lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta'minlash asosida ta'lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2019-yilda ishlab chiqilgan "O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi" [2] sohani rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo'nalishlari, vazifalari, o'rta va uzoq muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilash hamda sohaga oid dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo'lib xizmat qilmoqda. O'tgan davr mobaynida fan va texnikaning barcha asosiy yo'nalishlarini qamrab oluvchi va xalqaro standartlarga asoslangan keng ko'lamli ta'lim dasturlarini taklif etadigan yangi oliy ta'lim muassasalari tashkil etildi. 1991-yilda O'zbekistonda 54 ta oliy o'quv yurti bo'lib, ularda 200 mingga yaqin talaba tahsil olgan bo'lsa, hozirga kelib, oliy ta'lim muassalari soni 213 taga yetdi, O'zbekistonda 2023 yilda 7 ta yangi oliy ta'lim muassasasi faoliyati yo'lga qo'yilgan. Hozirda 213 ta oliygohda 1 mln 300 ming nafardan oshiq talaba tahsil olib, bu ko'rsatkich orqali yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 2022 yilgi 38 foizdan 42 foizga oshgan [3].
Respublikamizda oliy ta'lim tizimini rivojlantirishdagi asosiy muammolardan biri yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrov darajasining pastligidir. Innovatsion taraqqiyotning muhim sharti esa oliy ma'lumotli, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sonini oshirishdan iboratdir. Ma'lumotlarga ko'ra, oliy ta'lim olish yoshidagi (18-22 yosh oralig'i) aholi soni Rossiya Federatsiyasida 7 mln. kishini, talabalar soni esa 5,3mln. kishini tashkil qiladi, ushbu ko'rsatkichlar mos ravishda Ukrainada 2,6 mln. va 1,6 mln., Qozog'istonda 1,1 mln. va 600 ming, Qirg'izistonda esa 530 ming va 225 ming kishini tashkil etdi. Rossiya, Ukraina va Qozog'istonda oliy ta'lim olish yoshidagi kishilarning har uchtadan - ikkitasi, Qirg'izistonda esa har ikkitadan -bittasi oliygoh talabasi bo'lgan. O'zbekistonda esa 2021-yilda oliy ta'lim olish yoshidagi aholi soni salkam 3 million kishini, jami oliy ta'lim muassasalari soni 131 tani tashkil qilgan, talabalar soni esa 400 ming nafar atrofida bo'lib, oliy ta'lim olish yoshidagi kishilarning o'ntadan bittasigina oliy ta'lim muassasalarida tahsil olgan [4]. Statistik ma'lumotlarga ko'ra 2024-yilning 1 yanvar holatiga respublikamiz doimiy aholisi soni 36 million 799,8 ming kishini, shu jumladan, yoshlar (14-30 yosh) ning ulushi umumiy aholining 26,8 foizini yoki 9 million 654,4 ming kishini tashkil qiladi [4]. Hozirgi davrda ham faoliyat ko'rsatayotgan oliy ta'lim muassasalarining soni oliy ta'lim olish istagi bor barcha yoshlarimizni sifatli ta'lim bilan qamrab olish imkonini bermaydi. Bu muammoni bartaraf etish oliy ta'lim muassasalari sonini oshirish bilan bog'liq.
"2022—2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi"da hamda "O'zbekiston - 2030" strategiyasida ham oliy ta'lim tizimini isloh qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, umumiy o'rta ta'lim maktablari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini oshirish ko'zda tutilgan. Shu jumladan, 2026-yilga qadar yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga, qabul ko'rsatkichini esa 250
mingga yetkazish maqsad qilinmoqda [5]. Natijada, oliy ta'lim olish istagida bo'lgan minglab yoshlarimiz Vatanmizda ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'lishadi.
Respublikamizda oliy ta'lim qamrovining oshib borishida nodavlat va xususiy oliy ta'lim muassasalarining tashkil etilishi, shu jumladan xorijiy oliy ta'lim muassasalarining va ularning filiallarining ochilishi, mahalliy universitetlarda xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo'shma fakultetlarning tashkil etilishi ham muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Shu o'rinda hozirgi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 213 ta oliy ta'lim muassasalarining 67 tasi nodavlat, 30 tasi esa xorijiy oliy ta'lim muassasalari ekanligini ta'kidlash zarur. Nodavlat va xorijiy oliy ta'lim muassasalari sonining oshib borishi nafaqat oliy ta'lim qamrov darajasining, balki shu bilan birga ta'lim sohasida sog'lom raqobatni shakllantirish orqali tayyorlanadigan kadrlar sifatining ham oshib borishiga xizmat qiladi.
Soha rivojlanishidagi muammolardan biri oliygohlarning mamlakat hududlari bo'yicha notekis taqsimlanganligidir. Hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim muassasalarining yarmidan ko'pi Toshkent shahrida joylashgan. Mintaqalar iqtisodiyotining yuqori malakali mutaxassislarga nisbatan tez o'zgarib boruvchi talabini kadrlar tayyorlashning mavjud imkoniyatlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida yangi davlat va nodavlat, jumladan xorijiy oliygohlar sonini doimiy oshirib borish bilan bir qatorda ularni poytaxtda emas, balki hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari va shart-sharoitlaridan kelib chiqib tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
"O'zbekiston - 2030" strategiyasida oliy ta'lim sifatini oshirish maqsadida 2030-yilga qadar 30 ta oliy ta'lim muassasasining ta'lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish, "Top-500"ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo'shma ta'lim dasturi asosida "ikki diplomli tizim"ni joriy etish, 10 ta oliy ta'lim muassasasini dunyoning eng nufuzli "Top-1 000" oliy ta'lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish, Oliy ta'lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish maqsadli ko'rsatkichlari belgilangan. Oliy ta'lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta'minotini mustahkamlash borasida ham keng ko'lamli ishlarni amalga oshirish, jumladan, kutubxonalarni kamida 1 million ta zamonaviy adabiyotlar bilan to'ldirish va kutubxona fondini to'liq raqamlashtirish ko'zda tutilgan. [6].
Rivojlanga mamlakatlarda ko'pchilik universitetlar yirik ilmiy markazlarga aylanib, ko'plab sanoat va ilmiy tashkilotlarni birlashtirgan. AQSh innovatsion infratuzilmasining asosini tadqiqot institutlari tashkil qiladi. Ular mamlakatning ilmiy va amaliy tadqiqotlaridagi aksariyat tadqiqotlarini jamlagan. Ilm-fan va ta'lim muassasalari ular negizida texnoparklar tashkil etish orqali hududlarni rivojlantirishda qudratli kuch vazifasini o'taydi. Respublikamizda ham iqtisodiyotning eng tez o'sib borayotgan yo'nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, "korxona - oliygoh - ilmiy tashkilot" klaster tizimini joriy etish maqsadlari qo'yilgan. Bu borada amaliy tadqiqotlarga Davlat budjetidan 4 trillion so'm mablag' yo'naltirish, iqtisodiyot tarmoqlarining "drayver" yo'nalishlarida 850 turdagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish, transport va logistika, qishloq xo'jaligida hosildorlik, energetika, biotexnologiya, geologiya va metallni qayta ishlash, mashinasozlik va elektronika yo'nalishlarida 8 ta ilmiy ishlab-chiqarish klasterini tashkil etish ko'zda tutilgan [7].
Yuqoridagi fikr-mulohazalarni umumlashtirib, sifatli oliy ta'lim butun jamiyat va har bir inson istiqbolining, kelajakdagi farovon hayotining garovidir degan xulosaga kelish mumkin. Hozirgi kunda dunyodagi taraqqiy etgan mamlakatlardagi kabi O'zbekistonda
ham oliy ta'limni rivojlantirishga va uning sifatini oshirishga davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Respublikamizda ta'limning xalqaro standartlari talablariga hamda milliy iqtisodiyotimiz va ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo 'nalishlariga mos keladigan oliy ta'lim tizimini shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi yetti yil mobaynida oliy ta'limning qamrov darajasi 9 foizdan 42 foizga oshdi [8].
Oliy ta'lim tizimini isloh qilish doirasida xalqaro standartlarga asoslangan yangi ta'lim dasturlarini, shuningdek, mehnat bozorida talab qilinadigan kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan yangi ta'lim texnologiyalari va o'qitish uslublarini joriy etish, oliy ta'lim muassasalarining xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan ham faol hamkorligini yo'lga qo'yish ham dolzarb vazifalar hisoblanadi.
REFERENCES
1. Salixiddinov Sh. Oliy ta'lim xizmatlari sifatini baholash tizimi rivojlanishining nazariy yondashuvlari, Iqtisodiyot va ta'lim, 2023-yil 3-son 406-6.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.04.2020-yildagi PF-5847-sonli "O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida " gi farmoni, https://lex.uz/ru/docs/
3. https://kun. uz/ O'zbekistondagi oliygohlar va ulardagi talabalar soni ma'lum qilindi
4. Yunusov H.M. O'zbekistonda oliy ta'lim islohotlarining dolzarb muammolari va ularni hal etishda AQSH tajribasining ahamiyati https://cyberleninka.ru/article/n/
5. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-sonli "2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi farmoni, Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/60/0082-son).
6. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-sonli "O'zbekiston - 2030" strategiyasi to'g'risida" gi farmoni, https://lex.uz/ru/docs/
7. https://www.gazeta.uz/uz/2023/09/30/education/