Научная статья на тему 'DUTOR BAS CHOLG‘U IJROCHILIK SAN’ATI TARIXI'

DUTOR BAS CHOLG‘U IJROCHILIK SAN’ATI TARIXI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
1736
158
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Xalq cholg'ulari / turdosh cholg'ular / dutor bas / tessitura / mizrob / ko'p ovozlik / jо'rnavozlik / yakkanavozlik / kompozitor / ansambl / orkestr. / Folk instruments / related instruments / dutar bass / tessitura / mezrob / polyphony / chorus / solo / ensemble / orchestra.

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Mamirjonova Feruzabonu Abdullajon Qizi

Mazkur maqolada dutor bas cholg„usi kelib chiqishi, takomillashtirilishi xususida hamda ijrochilik maktabi shakllanishi, ijro dasturlari, orkestr va ansambl ijrochiligidagi о„rni haqida fikr yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

This article discusses the origin and development of the dutar bass, as well as the formation of the school of performance, the role of performance programs, orchestral and ensemble performance.

Текст научной работы на тему «DUTOR BAS CHOLG‘U IJROCHILIK SAN’ATI TARIXI»

DUTOR BAS CHOLG'U IJROCHILIK SAN'ATI TARIXI

Mamirjonova Feruzabonu Abdullajon qizi

O'zbekiston davlat konservatoriyasi "Cholg'u ijrochilik" fakulteti "Xalq cholg'ularida ijrochilik" yo'nalishi

2-bosqich talabasi Ilmiy rahbar: professor Z.Z. Turapov

ANNOTATSIYA

Mazkur maqolada dutor bas cholg'usi kelib chiqishi, takomillashtirilishi xususida hamda ijrochilik maktabi shakllanishi, ijro dasturlari, orkestr va ansambl ijrochiligidagi o'rni haqida fikr yuritiladi.

Kalit so'zlar: Xalq cholg'ulari, turdosh cholg'ular, dutor bas, tessitura, mizrob, ko'p ovozlik, jo'rnavozlik, yakkanavozlik, kompozitor, ansambl, orkestr.

ABSTRACT

This article discusses the origin and development of the dutar bass, as well as the formation of the school of performance, the role of performance programs, orchestral and ensemble performance.

Keywords: Folk instruments, related instruments, dutar bass, tessitura, mezrob, polyphony, chorus, solo, ensemble, orchestra.

Musiqa san'atning noyob turlaridan biri bo'lib, juda qadimiy tarixga ega. Bu san'at turi barcha davr daholari e'tiborini o'ziga jalb qilib kelgan. Jumladan o'z zamonasining buyuk faylasuflaridan biri Arastu musiqa san'ati haqida quyidagi fikrlarni keltirib o'tgan: «Musiqa ko'ngilga axloqan muayyan ta'sir ko'rsatuvchi quvvatga ega. Musiqa shunday xislatga ega, u yoshlarni tarbiyalash vositalari qatoriga qo'shilmog'i lozim» - deb ta'kidlaydi.

O'zbek xalqi o'ziga xos milliy an'ana va qadriyatlar bilan sug'orilgan go'zal hamda benazir musiqa san'atiga egadir. Musiqa san'atining xalq orasida keng tarqalgan turlaridan biri bo'lgan cholg'u musiqasi haqida gap borar ekan. Musiqiy cholg'ular inson ma'naviyatini ohanglarda tarannum etuvchi vosita ya'ni xalq ijodiyoti mahsuli bo'lib, azal-azaldan omma orasida shakllanib, mohir soz ustalari tomonidan yasalgan. Milliy cholg'ular uzoq yillar mobaynida og'zaki, yozma manbalar zamirida avloddan-avlodga o'tib shakllanib, takomillashib kelmoqda. O'zbek xalq cholg'ulari tarixiga razm solar ekanmiz, juda ko'p musiqashunos olimlar, mutafakkirlar o'z risolalarida milliy cholg'ularimiz va ularning shakllanishi borasida keltirib

o'tganliklarini ko'rishimiz mumkin. Jumladan, ilk uyg'onish davri qomusiy olimlari Abu Ali Ibn Sino (Kitob ush Shifo), Al Xorazmiy ("Mafotih al-ulum" ikkinchi maqolasining VII bobi "Musiqa haqida"), Abu Nasr Farobiy ("Musiqa haqida katta kitob" risolasining ikkinchi kitobi), Safiuddin Urmaviy ("Risolatun ash-Sharafiya", "Kitab ul-advar"), Abdurahmon Jomiy ("Risolai musiqiy"), Darvesh Ali Changiy ("Tuhfatus-surur"), Zaynulobidin Husayniy ("Qonuni ilmi va amali musiqiy" -"Musiqaning ilmi va amaliy qonunlari" asarining oxirgi boblari,) va boshqa musiqiy olimlar tomonidan yozilgan risolalarda IX-XVII asr musiqa cholg'ulari haqida bayon etilgan.

Milliy cholg'ularda ijrochilik imkoniyatlarini yanada kengaytirish borasida bir qator ilmiy izlanishlar olib borilgan. Cholg'u ijrochilik amaliyotida yakkanavozlikdan tashqari ko'p ovozli jamoalarni tashkillashtirish go'yalari ilgari surildi va shu g'oya negizida N.N.Mironov an'anaviy ansamblda ko'p ovozlilik uslubini kiritishga harakat qildi, lekin o'zbek xalq cholg'ular asosan diatonik tovush qatorda bo'lganligi bois, cholg'ularni qayta ishlash va takomillashtirish zarur edi. A.I.Petrosyans boshchiligidagi bir guruh ustalar V.V.Andreyev (rus musiqachisi, mohir balalaykachi, rus xalq balalaykasini qayta ishlab, katta-kichik turlarini yaratgan folklorshunos olim)ning tajriba va ijodiy yutuqlariga tayangan holda ilmiy tadqiqot ishlarini boshladilar.

Tadqiqotlardan maqsad:

- cholg'ularning texnik imkoniyatlarni oshirish;

- diapazonini kengaytirish;

- o'zbek mumtoz musiqa namunalari bilan bir qatorda o'zbek va jahon kompozitorlarning turli janrlardagi ijod mahsulini ijrochilik amaliyotiga tadbiq qilish;

- cholg'ularning turdosh namunalarini qayta ishlash;

- cholg'u ijrochiligida ko'p ovozli jamoalarni tashkil etish ko'zda tutilgan edi.

Takomillashtirish uchun ilk bor dutor cholg'usi tanlab olindi va yangi turdosh

namunalari Usta Usmon Zufarov tomonidan shakllantirildi. Turdosh oila namunalari yordamida ko'p ovozli ansambl va orkestr ijrochiligida barcha registr ovozlarining ishtiroki ta'minlandi. Natijada turdosh oila namunalaridan dutor prima, sekunda, bas va kontrabas cholg'ulari qayta ishlandi, dutor alt va tenor cholg'ulari esa takomillashtirildi. Shu nuqtai nazardan, dutor bas cholg'usi aynan shu ilmiy-amaliy tadqiqotlar mahsuli ekanligini bilishimiz mumkin. Dastavval cholg'u ko'p ovozli jamoalar ijrosi uchun mo'ljallangan. Kosasi katta, dastasi yo'g'on, diapazoni kichkinaligi sababli ijrochilik imkoniyatlari cheklangan edi. Shu boisdan cholg'u ustida yanada takomillashtirish ishlari olib borildi. 1950-yilning boshlarida tashkil etilgan bir qancha ijodiy jamoalar sa'y-harakati natijasida ijrochilik imkoniyatlari

kengaytirilgan va yuqorida keltirilgan texnik noqulayliklar bartaraf etilgan dutor bas cholg'usining yangi takomillashgan namunasi yuzaga keldi.

Dutor bas cholg'usi 3 qismdan iborat, bosh qismi, dasta qismi va kosa qismlaridir. Bosh qismida torlarini ushlab turuvchi quloqlari va yuqori xarrak, dasta qismida tovush hosil qiluvchi 24 ta pardalar joylashgan va pardalarni aniqroq anglash uchun 2, 5, 7, 10, 12, 14, 17, 19, 22, 24 pardalar oq doirachalar (turli naqshinkor bezaklar) bilan belgilangan. Kosa qismida esa rezonator teshikchasi, ovoz o'tkazuvchi qopqoq va ijro paytida qopqoqga zarar yetmasligi uchun ustiga qalqon o'rnatilgan. Torlarni ma'lum bir balandlikda ushlab turuvchi xarrak hamda ularni quloqlar bilan birlashtiruvchi ilgak o'rnatilgan. Dutor basning to'rt torlari kvinta intervali oralig'ida sozlanadi. Birinchi tori kichik lya tovushiga sozlanadi, ichak yoki kapron bo'lishi mumkin. Ikkinchi tori kichik oktava re, uchinchi tori katta oktava sol, to'rtinchi tori katta oktava do tovushiga sozlanadi va ushbu torlar metalldan yasaladi. Torlarning sifatliligi cholg'uda tovush hosil qilish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Cholg'u ovozining yoqimli hamda ijrochi talabiga mos ravishda jaranglashi ham aynan shunga bog'liq. Dutor bas cholg'usining tessiturasi kichik oktava re tovushidan ikkinchi oktava re tovushigacha hisoblanadi. Cholg'u mizrob yordamida chalinadi. Mizrob bu ovoz chiqarish vositasi bo'lib, torli sozlarni chertib chalishda qo'llaniladigan maxsus moslama, u cholg'u torlaridan kelib chiqib turli shakllarda bo'ladi. Yog'och, qattiq teri, suyak, hayvonshoxi, metallardan yasaladi.

Cholg'u ijrochiligi san'atida shuningdek musiqiy ta'limda dutor bas cholg'usi o'z o'rni, o'z muxlislariga ega bo'lishida ustozimiz Ashot Konstantinovich Nazarovning amalga oshirgan ishlarini alohida ta'kidlab o'tishimiz lozim. Dutor bas cholg'u ijrochilik san'atini shakllanib borishida, ijrochilik maktabini tashkillashtirish, munosib ijrochilarni yetishtirish, ta'lim berish metodlari to'g'risidagi o'quv qo'llanma va darsliklar, ijro dasturlarni shakllantirishda oliy ma'lumotli mutaxassis O'zbekiston davlat konservatoriyasining dotsenti A.K.Nazarovning mehnatlari tahsinga sazovor. Dutor bas maxsus sinfi Toshkent Davlat konservatoriyasida (hozirgi kunda O'zbekiston davlat konservatoriyasi) 1948-yilda ochilgan. A.K.Nazarov ushbu sinfni tugatib, 1960-yildan boshlab dutor bas sinfida dars bergan. O'zbekiston davlat konservatoriyasida 42 yillik murabbiylik faoliyati mobaynida "O'zbek xalq cholg'ulari yo'nalishi, dutor bas cholg'u ijrochiligi bo'yicha 60 dan ziyod oliy ma'lumotli sozanda-ijrochilarni tarbiyalab yetishtirgan. Bulardan Turg'un Pattaxov (marhum), O'tir Oripov (marhum), Baxtiyor Ziyayev, Sadulla Muqimov, Muhammadjon Badelov, Zulxorbek Turopov, Sherzod Umarov, Sirojiddin Muhammadiyev, Farrux Irisov, Dilshod Hakimov, Dilshod Madiyev, Mirzaxon Jo'rayev, Valijon Dadaxonov, Abduvoxid Xaliqov, Tal'at Tatirov, Mashhurbek Turdiboyev va yana bir qancha sozandalar ustozdan olgan saboqlariga tayangan

holda respublikaning turli san'at dargohlarida muvaffaqiyatli mehnat qilib kelmoqdalar. Hozirgi kunda marhum ustoz O'zbekiston davlat konservatoriyasining dotsenti A.K.Nazarovning ilmiy va ijodiy isharini shogirdlaridan biri O'zbekiston davlat konservatoriyasining professori Z.Z.Turapov davom ettirib, dutor bas ijrochiligi shakllanishiga munosib hissa qo'shib kelmoqda.

Xo'sh, dutor bas cholg'usining ko'p ovozli jamoalardagi o'rni qay darajada? 1938-yil oxirida A.I.Petrotsyans rahbarligida takomillashtirilgan va qayta ishlangan cholg'ular ishtirokida ko'p ovozli ansambl va orkestr tuzilgan. Ushbu cholg'u orkestr yoki ansamblning pastki registri ovozini mustahkamlab, asosi, tayanchi bo'lib xizmat qiladi va jarangdor, to'liq ohang beradi. Dutor bas cholg'usi faqatgina jo'rnavoz vazifasida emas balki, asar mohiyatidan kelib chiqib asosiy (solo) partiyani ham ijro etish mumkin. Kichik va o'rta orkestrlarda 2-4 tagacha, katta orkestrlarda 4-6 tagacha dutor bas ijrochisi bo'lishi orkestrda o'zgacha sado beradi. Xalq cholg'ulari orkestr tarkibidagi guruhlar 5 ta bo'lib, dutor bas cholg'usi torli-chertma (mizrobli) cholg'ular guruhiga mansubdir. Ushbu guruh tarkibida: rubob prima, qashqar rubobi, afg'on rubobi, tanbur, dutor alt, dutor bas va dutor kontrabas ham bor. Dutor bas cholg'usi torli-kamonli cholg'ulari guruhidagi g'ijjak(qobuz) bas cholg'usi bilan ko'p jabhalarda o'xshashligi sababli asosan bir xil vazifani bajaradi. Masalan ushbu cholg'ular kvinta soziga sozlanadi, qolaversa ularning diapozonlari ham bir xildir. Dutor bas, dutor kontrabas, g'ijjak (qobuz) bas, g'ijjak (qobuz) kontrabaslar ko'p ovozli ansambl va orkestrlarning tayanchidir. Hozirgi kunga kelib, O'zbekiston davlat filarmoniyasi qoshidagi xalq cholg'ulari orkestri, "Sug'diyona" xalq cholg'ulari kamer orkestri, O'zbekiston davlat konservatoriyasi talabalar orkestrlari va respublikamiz miqyosidagi ta'lim muassasalari orkestr jamoalarida dutor bas cholg'usi o'z o'rniga ega.

Uzluksiz musiqiy ta'lim muassasalarida tahsil olish ijrochini mukammal bilimlarga ega bo'lishining asosiy omilidir. Bolalar musiqa va san'at maktablari, ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktablari, san'at oliygoharida ham ushbu cholg'u bo'yicha ta'lim yo'lga qo'yilgan. Bundan ko'rinib turibdiki, dutor bas cholg'usi nafaqat orkestr tarkibida jo'rnavozlik jihatlari, balki yakkanavozlik xususiyatlari bilan ham namoyon bo'ldi. Ijrochilik mahoratini sozandalar amaliy mashqlar, tinimsiz o'z ustida ishlash, ijodiy izlanishlar orqali shakllantirish mumkin. Ijrochilik mahorati deganda faqat texnik mashqlar ko'nikmasi emas, badiiy asarlarni ijro qilish, ularni mohiyatini anglash ham tushuniladi albatta. Cholg'u ijrochilik san'atida bastakorlik, kompozitorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, zamonaviy O'zbekiston kompozitorlari dutor bas uchun yozayotgan asarlari ushbu cholg'u ijrochiligining yangi qirralari, ijrochilik imkoniyatlarini ochib bermoqda. So'ngi yillarda yaratilayotgan ko'p qirrali asarlar ijrochilik mahorati shakllanishi

uchun xizmat qilmoqda. Jumladan M.Bafoyevning dutor bas va fortepiano uchun maxsus yozgan "Konserti", "Eronning sehrli samosi", M.Otajonovning "Balkan ohanglari", "Naqsh", J.Jo'rayevning dutor bas va xalq cholg'ulari orkestri uchun maxsus yozilgan "Konserti", O. Abdullayevaning dutor bas va xalq cholg'ulari orkestri uchun maxsus yozgan "Konserti", Sh.Sobirovning "Talqin" kabi asarlarda milliylik va zamonaviylik ohanglari mujassamlashtirilgan. Bastakorlik namunalari ham dutor bas cholg'usida o'zgacha jarangi bilan ahamiyatli hisoblanadi. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, ustoz Z.Z.Turopovning "Dutor bas" o'quv qo'llanmasida "Gulbahor va Tanovar", "Sarbozcha", "Qari Navo", "Navro'zi Ajam", "Chapandozi Qalandar", "Nasri Segoh", "Ufori Nasri Segoh" kabi mumtoz asarlarning dutor basga moslashtirilgan ko'rinishi, ularning doira usullari va o'ziga xos ijro uslublari, ifoda vositalari to'g'risida ma'lumotlarga ega bo'lishimiz mumkin.

Xulosa qilib aytganda, mukammal cholg'u ijrochisi va mutaxassisi bo'lib yetishish uzluksiz musiqiy ta'lim tizimi bilan bevosita bog'liqdir. Uzluksiz musiqiy ta'lim tizimi bosqichlari quyidagilardir:

- bolalar musiqa va san'at maktablari,

- ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktablari,

- musiqa va san'at oliygohlari

- oliy ta'limdan keyingi ta'lim

Har bir bosqichning o'ziga xos maqsad va vazifalari mavjud. Misol uchun, bolalar musiqa va san'at maktablarining "Xalq cholg'ulari" yo'nalishidagi yosh ijrochilarga cholg'u asboblarining tarkibiy tuzilishi, ijrochilik holati, ijro uslublari, ijro madaniyati kabi tushunchalar orqali amaliy mashg'ulotlar olib boriladi. Lekin ushbu yo'nalishning "Dutor bas" sinfiga qabul qilingan ilk ijrochilar uchun bu cholg'uda ijro etish bir qancha qiyinchiliklar tug'dirishi ehtimoldan holi emas. Chunki ijrochilikka qadam qo'ygan kichik yoshdagi ijrochi uchun dutor bas tuzilishi (kosasi, dastasi) kattalik qiladi, qolaversa metalldan ishlangan torlarida tovush hosil qilish anchagina qiyinlashadi. Shu sababdan bo'lsa kerak, bolalar musiqa va san'at maktablarida dutor bas sinfi yetarlicha rivojlanmagan. Taklif sifatida shuni kiritmoqchimanki, dutor bas cholg'usini bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchilari uchun biroz ixchamlashtirilgan ko'rinishi cholg'u ustalari bilan birgalikda ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq qilinsa, yosh musiqachilarning dutor bas cholg'usini ijro qilishdagi yuqorida keltirib o'tilgan muammolar bartaraf etiladi. Albatta bu kelgusida dutor bas ijrochilik mahoratini yanada rivojlanishi uchun zamin yaratgan bo'lar edi.

Mamlakatimizda san'at sohasini yanada rivojlantirishga doir bir talay ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 02.02.2022 yildagi PQ-112-son "Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojantirish to'g'risida"gi

Cholg'u ijrochiligida musiqiy ta'lim uzviyligini ta'minlash Providing the integrity of music education in instrumental performance

qabul qilingan qarori milliy musiqa cholg'ularni ijro qilishga qaratilgan yuksak

e'tibordan dalolatdir. Zero, musiqa san'atining rivoji o'sib kelayotgan yosh avlodni

ma'naviy yetuklik sari yetaklaydi.

REFERENCES

1. Toshmatov O'. Beknazarov X. Cholg'ushunoslik. - T.: Darslik 2015.

2. Nazarov A.K. "Bas dutor". -T.: Darslik 1983

3. Odilov A. "Cholg'ushunoslik". - Samarqand 2012.

4. Turopov Z.Z. "Dutor bas cholg'u ijrochilik san'ati tarixi". Maqola.T.: "Musiqa" nashriyoti. 2021.

5. A.LPetrosyants."Инструментoведение".- T.: "O'qituvchi" nashriyoti 1980

6. Rahimov SH. "Cholg'ushunoslik".- T.: "Musiqa" nashriyoti 2010.

7. Gienko B.F. "Instrumentovka" o'zbek xalq cholg'u orkestri uchun-T.: "O'qituvchi" nashriyoti. 1970

8. Solomonova T.E. "O'zbek musiqasi tarixi".-T.: "O'qituvchi" nashriyoti 1981.

9. Umarov Sh. "Drijorlik". -T.: O'quv qo'llanma 2019.

10. Turopov Z.Z. "Dutor bas". - T.: O'quv qo'llanma 2004.

11. O'zbekiston davlat konservatoriyasi "Milliy cholg'u ilmiy ishlab chiqarish ekspemental laboratoriyasi" arxiv hujjatlari.

12. https://www.lex.uz/uz/docs/-5849580

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.