Buxorodan Germaniyaga o'qish uchun yuborilgan o'quvchi va talabalarning fojiali taqdiri (XX asrning 20-30-yillari)
Mirojjon Mizropovich Rahmatov Buxoro tumani 41-maktab
Annotatsiya: Ushbu maqolada, XX asrning 20-yillari boshlarida BXSR hukumati tomonidan Germaniyaning turli shaharlariga yuborilgan mahalliy talabalarning tarixiy taqdiri xususida fikr yuritilgan. Shuningdek, maqolada, talabalrning yosh guruhi, Germaniyaning qaysi shaharlariga va qaysi ta'lim muassasalariga yuborilganliklari, o'qish xarajatlarining BXSR hukumati tomonidan to'lab berilishi keltirilgan. Eng asosiysi 20-30 yillar qatag'oni davrida ushbu talabalarning ayrimlari qatl etilishi, ayrimlari turlicha muddatlarda qamoqqa olinishi, ayrimlarining Germaniyadan qaytib kelmaganligiga oid fikr-mulohazalar tarixiy adabiyotlardagi ma'lumotlar asosida qiyosiy tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: talaba, hukumat, maorif, qatag'on, qamoq, hukum, tadqiqod, stipendiya, pansion, "imperializm malayi", "nemis ayg'oqchisi", "Vatan xoini", "sotqin", "aksilinqilobchi unsur"
The tragic fate of schoolchildren and students sent to study in Germany from
Bukhara (20-30s of the XX century)
Mirojjon Mizropovich Rakhmatov Bukhara district, School №41
Abstract: This article discusses the historical fate of local students sent to various German cities by the government of the BPSR in the early 20s of the 20th century. The article also mentions the age group of the students, which German cities and educational institutions they are sent to, and the payment of tuition fees by the government of the BPSR. Most importantly, during the repression of the 20s and 30s, some of these students were executed, some of them were imprisoned for different periods, and some of them did not return from Germany.
Keywords: student, government, education, repression, prison, sentence, research, scholarship, boarding school, "employee of imperialism", "German spy", "traitor", "traitor", "counter-revolutionary element"
Kirish. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) 1920-1914 yillar davomida yashagan bo'lib, qisqa muddat mavjud bo'lib turgan bo'lsada, milliy davlatchilik va
O'zbek xalqi tarixidagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlar qaynoq o'tganligi bilan xarakterlanadi. BXSR hukumatining dunyo ilg'or ilm-fani yutuqlarini o'zlashtirish maqsadida xorijga yuborgan talabalari va ularning keyingi taqdiriga bag'ishlangan ushbu maqolada xorijga ketgan va ayrimlari vatanga qaytib qatag'onga uchragan, o'z vataniga qaytmaganlarning esa vatanjudolik qismatiga oid fikr-mulohazalar keltiriladi.
Adabiyotlar sharhi. Germaniyada o'qigan BXSR talabalari va ularning tarixiy taqdiri mavzusini yoritishda biz avvalo Germaniyada talaba bo'lgan va xorijda yashab qolganlarning esdaliklari, xotiralariga tayanib yoritishga harakat qildik. Masalan, Ahmad Zakiy Validiy To'g'onning "Bo'linganni bo'ri yer (Turkiston xalqlarining milliy mustaqillik uchun kurashi tarixidan)" asari ayniqsa muhim manba bo'lib xizmat qiladi. Shuningdek, talabalarning Germaniyada o'qishlari va turmush tarzlari BXSRning rasmiy organi "Buxoro axbori" va "Ozod Buxoro"da doimiy yoritib borilganligi mavzuni manbashunoslik nuqtai-nazaridan ochib berishga xizmat qildi. Mustaqillik yillarida ushbu mavzuga yangicha yondashuvlarning vujudga kelishi bilan, mavzuni imkon qadar chuqurroq yoritishga harakat qilgan olimlardan N.Naimov "Buxoro jadidlari (tarixiy ocherklar, hujjatli qissa). - T.: Fan, 2001.- 46 b.", Sh.Turdiev !Ular Germaniyada o'qigan edilar... - T. Fan, 2006.- 256 b." Sh.A. Hayitov, K.J. Rahmonov va boshqalarning ilmiy izlanishlari mavzuni tarixiy nuqtai-nazardan yoritishimizga asos bo'lib xizmat qildi.
Natijalar va munozaralar. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) hukumati yillarida (1920 - 1924) xorijga o'qish uchun yuborilgan o'quvchi va talabalar tarixiy taqdirlari haqida ma'lumotlar berishga qaratilgan tadqiqotlar, maqola va risolalar[8. 256; 1. 78; 7. 46; 10. 102. 11. 9-17] talaygina yozilgan bo'lsa-da, bu sohadagi izlanishlar hamon davom etmoqda. Agar 1922-1923 yillarda TurkistonASSR va XXSRdan Germaniyaga o'qish uchun yuborilgan yigit-qizlar katta yoshli, balog'atga yetgan shaxslar bo'lishsa, BXSR o'quvchi va talabalari ulardan bir qadar farq qilgan. Jumladan, BXSRdan Germaniyaga yuborilgan yoshlar nafaqat ushbu hukumat tasarruf etgan hudud, qolaversa, Toshkent, Samarqand va Turkiston mintaqasining boshqa joylaridan ham to'planishgan. Shuningdek, ular uch yosh guruhiga bo'lingan bo'lib, kichik, o'rta, katta yoshlilar bo'lishgan. 1922 yilning yozida BXSRdan birinchi partiyada Germaniyaga o'qish uchun yuborilgan 44 nafar o'quvchi va talabalarning 5 nafari 20 - 24 yosh oralig'ida, 9 nafari 17 - 19 yosh oralig'ida, 14 nafari 13 - 16 yoshda, 15 nafari 11 - 12 yoshda, 1 nafari 10 yoshda bo'lgan[9]. Buxoro Respublikasi o'quvchilarining ko'pchiligi yosh bolalar bo'lishganligini yuqoridagi raqamlar ko'rsatib turibdi. Chunki, BXSR maorif nozirligining Eski Buxoro, Chorjo'y va Qarshi shaharlarida xorijga talaba yuborish uchun ochilgan 5-6 oylik maxsus kurslari haqidagi e'londa: "Xorijga ketadiganlarninig yoshi 9 dan kam,15 dan ziyod bo'lmasligi zarurligi keltirib o'tilgan[3]".
Bundan tashqari, BXSR o'quvchi va talabalari asosan yetimxona (sag'irxona)dan to'plangan o'zbek, tojik (fors-tojik), turkman, tatar millati vakillari bo'lishgan. Boy-badavlatlar farzandlarini chet elga o'qish uchun yuborishga ko'p hollarda rag'bat bildirishmagan. Shu bilan birga, buxorolik o'quvchi va talabalar Germaniya shahar va viloyatlari bo'ylab tarqatilib, kichik yoshlilar (10-14 yoshlilar) Germaniya poytaxti Berlin shahri yaqinidagi manzillardan biridagi nemis bolalari bilan bir pansionga joylashtirilgan va ular Germaniya maorif nazoratiga topshirilgandi. O'rta yoshlilar nemis o'lkalariga yuborilib, xususiy xonadonlarga qo'yilgan. Katta yoshlilar Berlin shahrida olti oylik nemis tilini o'rganish kurslarida tahsil olganlar[5]. Keyingi jihati shundaki, BXSRdan Germaniyaga yuborilgan yoshlar soni masalasidagi fikrlar turlicha bo'lib, manba va tarixiy adabiyotlarda ularning soni 47; 49; 52; 56 nafar kabi raqamlarda qayd etilgan. O'sha yillarda: "Berlinga va Turkiyaga BXSR hukumati 123 nafar o'quvchi va talaba yubordi",-degan ma'lumot ham bor. Tatar qizi Shamsulbanat Eshmurod qizini hisobga olmaganda, ular orasida qizlar yo'q edi. Chunki, BXSRda 15-20 ta qizlar maktabi ochilgan bo'lsada, qizlar sag'irxonasi (etimxonasi) mavjud bo'lmagan. Shamsulbanat Eshmurod qizi Berlindagi o'rta maktab mudiri Rosma huzurida muvaffaqiyatli imtihon topshirib, qabul imtihonida oliy ball "prima" olib, Berlin universiteti tibbiyot fakultetiga o'qishga kirgan[11. 13]. Ushbu talaba qiz "Germaniyadagi Buxoro maorif komissiyasi" raisi Olimjon Idris bilan keyinchalik oila qurgan1.
Buxorodan Germaniyaga borgan yoshi kichik o'quvchilar oliy maktab, universitetlarga emas, hunar maktablariga, gimnaziyalarga, ishlab chiqarish korxonalari qoshidagi maxsus o'quv yurtlariga, xususiy o'quv dargohlariga, meditsina kollejlariga joylashtirilgan. "Ozod Buxoro"gazetasi bu haqda: "Fraynburg (Saksoniya) ko'n-teri ishlash maktabida ikki nafar buxorolik, Leypsig shahridagi matbaachilik maktabida ikki nafar, Brandenburg dorixona ishlari maktabida bir nafar, gimnaziya va xususiy o'rta maktablarda olti nafar, mashina va asbob-uskunalar ishlab chiqarish korxonalari qoshidagi amaliy ta'lim ta'limgohlarida olti nafar o'quvchi tahsil ko'radur[2]"-degan ma'lumotlar keltirilgan. Yuqoridagi o'quv dargohlarini bitirgandan so'ng, bu o'quvchilar Germaniyadagi oliy o'quv yurtlariga kirishi mo'ljallangan bo'lib, BXSR hukumati har bir o'quvchi hisobiga Berlin bankasiga 9-10 yilga yetadigan (125 ming dollardan) mablag', shuningdek, o'quvchilarga dastlab 25, keyin 35 oltin so'mdan stipendiyaga yetarli mablag' o'tkazib qo'ygan. Shu sababli kichik bolalarning Germaniyadagi tahsili 1931- 1932 yillarga qadar cho'zilgan[4].
1Olimjon Idris (1880-1957) - qozonlik tatarlardan bo'lib, Birinchi jahon urushiyillarida nemislarga asir tushgan. Nemislarning musulmon asirlariga ijobiy munosabatidan foydalanib, Berlin yaqinidagi Vinsdorf shaharchasidagi musulmon maschitida imom-xatib bo'lgan. BXSR va Germaniya maorif nozirligi o'rtasida vositachilik qilgan. U nemis, Amerika, rus ayg'oqchisi sifatida o'zi Germaniyaga boshlab borgan buxorolik yoshlar hayotiga zomin bo'ldi. Xotini Shamsulbanat Eshmurod qizi Muso Jalil guruhiga kirib, ayg'oqchilik qildi. U umrining oxirida aqldan ozib jinnixonada jon berdi. Ularning o'g'li Eldor Idris Germaniyada tibbiy bir jurnalda muharrir bo'lib ishlagan.[12. 79]
ISSN 2181-0842 / IMPACT FACTOR 4.182 608 LMI^^^H
Biroq, kam sonli bo'lsa-da, Buxorodan Germaniyaga yuborilgan talabalar orasida katta yoshlilar ham bo'lgan. Ular nemis muallimlari ko'z oldida o'z qobiliyatlarini namoyish qilib, qisqa muddatda (6 oy ichida) nemis tilini o'rgandilar. Bu yoshlar Berlin, Drezden, Kuslin, Brandenburg, Vinsborg, Golshteyn universitetlarining turli fakultetlariga muvaffaqiyatli imtihon topshirganlar. Buxorolik yoshlar texnika, geologiya, ximiya texnologiyasi, qishloq xo'jaligi, matbaachilik, falsafa, san'at, jurnalistika sohalarida tahsil oldilar.
Ahmadjon Shukriy Berlin universitetining Falsafa fakultetiga, Vali Qayumxon ushbu universitetning Ziroat (qishloq xo'jaligi) fakultetiga, Ahmad Nayim Hakimov Iqtisodiyot fakultetiga, Sattor Jabbor Oliy texnika fakultetiga o'qishga kirdilar. Ahmad Nayim (1900-1984) xorijdagi o'zbeklar orasida birinchi iqtisodchi olim martabasiga erishgan, Vali Qayumxon esa "Diplom landershaft"ni olib oliy ma'lumotli agronom bo'lgan. U keyinchalik, Berlin universiteti Siyosiy fakultetini ham bitirgan. Xullas, BXSR hukumatining Fayzulla Xo'jaev, Abdurauf Fitrat, Qori Yo'ldosh Po'latov, Abdulvohid Burhonov, Usmon Xo'ja Po'latxo'jaev kabi a'zolari tomonidan Turkiya va Germaniyaga yuborilgan o'quvchi va talabalar o'zlarini qobiliyatli, ilm-fanga mehr qo'ygan yoshlar sifatida namoyon eta olishgan. Taqdir taqozosi bilan xorijda yashab qolgan 14-16 nafar turkistonlik sobiq talabalarning barchasi fan doktori, professorlar darajasiga erishganligi fikrimizning isboti bo'la oladi. Ma'lumki, XX asr dastlabki o'n yilliklar davri tarixi O'rta Osiyoda ancha chigal, murakkab va munozarali lavhalardan iborat. Sovet hokimiyati mavjud bo'lib turgan yillarda Markazning buyuk davlatchilik siyosati bilan mahalliy hukumatlarning manfaatlari to'qnash kelganligi, xorijda tahsil olganlar taqdiri tarixiy voqeliklari manbaviy tahlili orqali ham yorqinlashtirilib borilyapti. "Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR)ning xorijdagi talabalari" mavzusi ilmiy izlanishlar tizimida o'z o'rniga ega bo'lib bormoqda. Keyingi yillardagi tadqiqotlarda BXSRdan istiqbolni o'ylab, zamonaviy ilm-fan asoslariga ega bo'lgan malakali kadrlar tayyorlash maqsadida yuzlab yoshlar RSFSR, Ozarbayjon Respublikasi, Turkiya, hatto, Fransiya va Yaponiyaga o'qishga yuborilganligi haqida ko'p yozilmoqda. Ayniqsa, 1922-1923-yillarda BXSRdan Germaniyaga o'qish uchun yuborilgan buxoroliklar tarixiy taqdiri soha mutaxassislarini o'ziga ko'proq jalb qilayotganligi kuzatiladi[8. 66]. 50 dan ortiq (56 ta) BXSR o'quvchi va talabalari (1024 yosh oralarida)ning faqat ayrimlari haqida ma'lumotlar to'plandi. Jumladan, Vali Qayumxon (1904-1993), Ahmad Nayim Nusratullobek (Hakimov), Sattor Jabbor (Abdusattor Jabborov, 1905-1938), Shamsulbanat Eshmurod qizi (Shiratxonova, 19051982), Said Ali Usmon Xo'jaev va hokazolar haqida maqola va risolalar orqali bir qadar kengroq ma'lumotlarga ega bo'ldik. Biroq, har bir Germaniyada o'qigan o'quvchi va talabaning shaxsidan yetarlicha xabardor bo'lish o'sha davr tarixni yanada teranroq idrok etish istiqbollarini ochib beradi. Yoxud, alohida olingan birgina muhojir o'zbekning o'tmishi tarixga daxldor va bir tadqiqdga arzigulikdir. Ushbu ehtiyojdan
kelib chiqib, BXSRning "xorijdagi talabalari", xususan, Germaniyada tahsil ko'rganlarning ayanchli va fojiali taqdiri to'g'risida fikr yuritish orqali qatag'on qilinganlar tarixiy fojeaviy taqdirini ko'rsatmoqchimiz. Ma'lumki, O'rta Osiyoda sovet hokimiyatining dastlabki yillarida sovetlashtirish siyosati tufayli Turkiston ASSR, BXSR, XXSR hukumatlari tashkil qilingan. Ushbu hukumatlar O'rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishga qadar qisqa vaqt yashab, 1925 yilda ittifoqdosh respublikalar tarkibiga kiritib yuborilgan. Oqibatda, BXSR tomonidan chet ellarga o'qish uchun yuborilgan talaba va o'quvchilar o'z holiga tashlab qo'yilib, ular moddiy ta'minotsiz qolib ketgan. Sovet hokimiyati talaba va o'quvchilarni asl Vatanlariga qaytarish uchun targ'ibot hamda tashviqot ishlarini avj oldirib yuborgan. Yoxud, yozgi ta'tilga kelgan yoshlar Germaniyaga o'qish uchun yuborilmay, ko'plarning o'qishi chala qolib ketishiga sabab bo'lgan[6]. Germaniyaga yuborilgan BXSR o'quvchi va talabalarining taqdiri turlicha kechgan. Birinchi guruhga: 1930- yillarga qadar O'zbekistonga qaytarilganlarni kiritish mumkin. Ular orasida o'qishini tugatgan va chala qoldirganlar ham mavjud bo'lgan. Bundaylar avval hukumat idoralarida, ta'lim muassasalarida, nashriyot va ommaviy axborot tizimida samarali ish boshlaganlar. Biroq, 1937-1938 yillardagi qatag'on qilish Germaniyada tahsil olgan sobiq talabalarni ham chetlab o'tmagan. Ularga "imperializm malayi", "nemis ayg'oqchisi", "Vatan xoini", "sotqin", "Fayzulla Xo'jaevning dumi", "aksilinqilobchi unsur" kabi yasama ayblar qo'yilib, 15-20 yil GULAGga surgun qilingan, yoxud bundaylarga nisbatan otuvga hukm qilish hollari ham mavjud. Jurnalist va yozuvchi N.Naimovning yozishicha, 1930-yillarda "Buxoro haqiqati" (hozirgi "Buxoronoma") gazetasi tahririyatida bosh muharrir o'rinbosari lavozimida Germaniyada tahsil olgan Abror Rashid ismi sharifli shaxs faoliyat yuritgan. Shuningdek, Akrom Qavmiddin ism-sharifli shaxs bosmaxona mudiri sifatida ishlagan. Ular ikkalasi ahyon-ahyonda nemis tilida so'zlashib turishgan. Tegishli maxsus tashkilot ko'p o'tmay ularni hibs qiladi va nemis josuslari sifatida otuvga hukum qilgan[7. 38]. O'sha paytda Buxoroga qaytgan 10-15 nafar sobiq Germaniya talabalari doim qo'rquv va tahlikada yashashgan. Ularni maxsus idora xodimlari usti yopiq mashinalarda olib ketishar, ko'z ko'rib quloq eshitmagan qiynoqlarga solishgan. NKVD (Ichki Ishlar Xalq Komissarligi)ning Buxoro viloyat bo'limida ishlagan leytenant Filimanov va Pashkovlar aybi bilan bundaylar og'ir jabr-zulmga duchor qilingan. Qatl qilinmaganlar odamovi bo'lib qolishgan va ayrim hollarda asabiy holatga tushib, jinni bo'lishgacha borishgan. Bu haqda tarixiy ma'lumotlar mavjud. Ikkinchi guruhga kiruvchilarning bir qismi ta'qib va tazyiqdan, xavf-xatardan holi bo'lish uchun O'rta Osiyoning boshqa respublikalariga ko'chib ovloq joylarga borib, ism shariflarini o'zgartirib yashashga majbur bo'lishgan. Bundaylar o'quv muassasalarida o'qituvchilik qilishgan, mexanik, muhandis, tabib, hatto, tirikchilik qilish ilinjida oddiy ishchi va qorovul ham bo'lib ishlaganlar. Germaniyada tahsil olgan sobiq talabalar qaerda yashamasin, o'zining
intizomi, gazetxonligi va kitobxonligi, boy kutubxonaga ega bo'lishi, nemis va boshqa xorijiy tillarni bilishi, ilmi puxtaligi, orasta kiyinishi, qo'li qaltirab, 80 yoshdan oshib, keksayib qolgan bo'lsa-da, galstuk taqishi bilan boshqalardan ajralib turishgan. Ularning hozirda hayot qavm-qarindoshlari bilan shaxsiy muloqotlarda amin bo'lindiki, o'zlarini tegishli idoralar kamroq bezovta qilish maqsadlarini ko'zlab, Yevropa millati vakillariga uylanishgan. Jamoat joylarida, ma'rakalarda, jamoat transportlarida ushbu kishilar o'zining nazokati va yuksak madaniyati, dunyoqarashi kengligi bilan ajralib turgan, ko'plar istiqlol mafkurasi, ozodlik va erkinlikni oliy qadriyat, eng qimmatli ne'mat deb bilishgan. Germaniya sobiq talabalarining ushbu oz sonli guruhi o'z ajali bilan, vaqti-soati yetib bu dunyoni tark etishgan. Ular qavm-qarindoshchilik aloqalarini sir tutganlar, bu bilan o'z yaqinlarini ham qatag'onga tortilishining oldini olganlar. Uchinchi guruhga: oz sonli bo'lsa-da xorijda yashab qolishga muvaffaq bo'lgan, abadul-abad muhojirlikka mahkum etilganlarni kiritamiz. Chet ellarda qolib ketishni istaganlar ko'p bo'lgan albatta, biroq biror-bir mamlakatga viza (chaqiruv) qog'ozi olish qiyin bo'lgan. Ahmad Zakiy Validiy To'g'on (18901970) o'z xotiralarida buxorolik talabalar bilan o'qish uchun Germaniyaga borgan qozoq yigiti, ziyoli Azimbek Berimjonov haqida eslab: "O'qishni tamomlaganidan keyin u Turkiyaga bormoqchi bo'ldi. Lekin viza ololmadi. Taqdiri fojiali bo'lishini tushunib, yig'lay-yig'lay mamlakatiga qaytib ketdi. Usmon Quvvatov (boshqird) va Abdusattor (Sattor Jabborov) singari u ham qatl etildi[8. 253]"- deb yozgan edi. Germaniyada maxsus tahsil olgan buxorolik talaba va o'quvchilardan faqat bir nafari, ya'ni Vali (Abduvali) Qayumov (Qayumxon) umrining oxirigacha mana shu mamlakatda yashagan. Ko'pgina muhojir sobiq talabalar taqdiri esa, Turkiya Respublikasi tarixi bilan uzviy bog'liq.
Xulosa qilib aytganda, Germaniyada 1920-1930-yillarda tahsil olgan Buxoro yoshlarining tarixiy taqdiri turlicha kechi, ularning ayrimlari hayoti o'z mamlakatida fojiali o'lim bilan tugagan. Vatanida bo'lsada, bir umr tahlika va hadiksirab yashagan, yoxud Vatan mehri va yodini bir daqiqa unutmay muhojirlikda kun ko'rgan yurtimiz farzandlari tarixini o'rganish istiqbolda davom etadi. Bu esa XX asr birinchi yarmi o'lka tarixini va qatag'on qurbonlari hayoti, faoliyati solnomasini atroflicha, keng qamrovli o'rganishga yordam beradi degan umiddamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Axмaд Зaкий Вaлидий TyroH. Булинганни бури ер (Туркистон xaлклaрининг миллий муетaкиллик учун курaши тaриxидaн). - Т.: Aдoлaт, 1997. - 78 б.
2. Oзoд Буxoрo, 25-coh. 1923 йил 16детабрь.
3. Xoрижгa тaлaбa юбориш учун курс //Буxoрo axбoри, 79-coh, 1922 йил 23 aпрeль
ISSN 2181-0842 / IMPACT FACTOR 4.182 611 LME^^Sl
4. Вали ^аюмхон. ^ийратилган кисматлар //Узбекистан адабиёти ва санъати, 1922 йил 24 апрель.
5. Германияда Бухоро талабаси // Бухоро ахбори, 144-сон. 1923 йил 17 март.
6. Иброхимов А. Тошкентнинг бир япроги // Узбекистон адабиёти ва санъати, 1993 йил, 23 май
7. Наимов Н. Бухоро жадидлари (тарихий очерклар, хужжатли кисса). - Т.: Фан, 2001.- 46 б.
8. Турдиев Ш. Улар Германияда укиган эдилар... - Т. Фан, 2006.- 256 б.
9. УзРМДА, 14-фонд, 1-руйхат, 393-иш, 131-варак.
10. Хайитов Ш.А., Рахмонов К.Ж. Бухоро Халк Республикаси ва Германия: хамкорликнинг тарихий лавхалари. - Т.: Фан, 2004. - 102 б.
11. Хайитов Ш.А., Рахмонов К.Ж. Бухоронинг хориждаги талабалари. (XX асрнинг 20-йиллари). Бухоро-2003. 66- 75.
12. Хдйитов Ш., Рахмонов К., Ахмадов О. Бухоро ва бухорийларнинг жахоний шухрати. - Т.: Навруз, 2020. - 208 б.