ALISHER NAVOIYNING "LISON UT-TAYR" ASARIDAGI DINIY-FALSAFIY G'OYALAR TAHLILI
TURSUNALIYEVA Dilora Dilmuhammad qizi
Sharq falsafasi va madaniyati yo'nalishi 3-kurs turk-ingliz guruhi talabasi Tel: +998935755699
https://doi.org/10.5281/zenodo.7671681
Turkiy xalqlarning "shams ul-millat" bo'lgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy jahon adabiyoti xazinasini o'zining hassos she 'riyati, buyuk "Xamsa"si, fan sohalarining turli tarmoqlariga bag'ishlangan boy ilmiy ANNOTATSIYA merosi bilan boyitgan so 'z san'atkoridir. O'z ijodiy merosida 26 mingdan ortiq lug'at boyligidan foydalangan bu buyuk daho mana besh asrdan oshibdiki, asarlaridagi chuqur falsafiy mushohadakorlik, ma'no-mohiyatning keng ko'lamdagi va nazmiy merosidagi fasohat dengizining bepoyonligi bilan jahon ahlini hayratga solib keladi.
Kalit so'zlar: "Xamsa", "Farhod-u Shirin", nazm, doston, "Lison ut-tayr"
Низамиддин Мир Алишер Навои, являющийся «шамс уль-миллат» тюркских народов, художник слова, обогативший сокровищницу мировой литературы своей чуткой поэзией, своей великой «Хамсой», своим богатым научным наследием,
АННОТАЦИЯ посвященным различным области науки. Этот великий гений, использовавший в своем творческом наследии более 26 000 слов лексики, уже более пяти столетий удивляет людей мира глубокой философской наблюдательностью в своих произведениях, безбрежностью моря красноречия в его поэтическое наследие.
Ключевые слова: «Хамса», «Фархад-у Ширин», поэма, эпос, «Лисон ут-тайр».
Nizamiddin Mir Alisher Navoi, who is the "shams ul-millat" of the Turkic peoples, is a word artist who has enriched the treasure of world literature with his sensitive poetry, his great "Khamsa", and his rich scientific heritage dedicated to various fields of science. This great genius, who used more than 26,000 words of vocabulary in his creative heritage, has been surprising the people of the world for more than five centuries with the deep philosophical observation in his works, the vastness of the sea of eloquence in his poetic heritage.
ABSTRACT
Key words: "Khamsa", "Farhad-u Shirin", poem, epic, "Lison ut-tayr'"
9
KIRISH (Introduction)
Hakimshox Qazviniy o'z zamondoshi Alisher Navoiy haqida "Hech kim turkey she'mi undan yaxshiroq ayta olmagan va nazm durlarini undan yaxshiroq socha olmagan", deb aytganda haq edi. Buyuk ajdodimizning ilmiy merosini o'rganish asrlar osha rivojlanib bormoqda. XX asrning 20-30-yillaridan boshlab yurtimizda Alisher Navoiy ijodini chinakam ilmiy mezonlar asosida o'rganishga kirishiladi. Bu sohadagi dastlabki qadam sifatida Abdurauf Fitratning " Navoiyning forsiy shoirlig'i ham uning forsiy devoni to'g'risinda" ("Maorif va o'qitg'uchi "jurn..,1925) va "Farhod-u Shirin "dostoni to'g'risida"("Alanga" jurn..,1930) maqolalarini ko'rsatish mumkin1. Istiqloldan so'ng keng imkoniyatlar eshigi ochilishi bilanoq buyuk mutafakkirlarimizning ijodiga bo'lgan qiziqish ortib, bizga qolgan buyuk ilmiy meroslar o'rganilib,tatqiq qila boshlandi. Navoiy ijodini ham zo'r qiziqish bilan olib borgan bir qancha navoiyshunoslar yetishib chiqdi. Ular orqali ulkan orosi atiqalarimizni qayta tiklandi va shoir merosini o'rganishning asl ufqlari ochildi. Uning asarlariga oid turli maqolalar, asarlar, romanlar, hattoki, Navoiydan ilhomlangan turli iste'dod sohiblari yetishib chiqdi. Ajdodimizning ilmiy xazinasini o'rganish unga bo'lgan e'tibor balki bunday ulkan boylikni qadrlash demakdir.
NATIJALAR (Results)
"Lison ut-tayr" dostoni shoir umrining so'nggi yillarida, 1499 yilda yozib tugallangan. Filologiya fanlari nomzodi Sh.Eshonxo'jayev dostonning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib,izohlar bilan nashrga tayyorlagan. Mazkur nashrda doston hajman 193 bet, 3666 bobdan iborat2.
"Lison ut-tayr" Alisher Navoiyning umrining so'nggi palalasida, 1499-yilda yozilgan yirik irfoniy doston bo'lib, dostonning yozilishi sababi haqidagi bobda berilishicha, bolaligida ustozi yosh Alisherga Qur'oni karim suralarini yodlatish barobarida zehni tez va tab'i ravon bo'lishi uchun "Guliston" , "Bo'ston", "Mantiq ut -tayr" kabi kitoblarni ham o'qitib turgan. Bularning oraida ayniqsa, "Mantiq ut-tayr" bo'lajak shoirga qattiq ta'sir qilib, xayolchan va odamovi bo'lib qoladi. Ota-onasi bunda, xavotirga tushib, kitobni yashirib qo'yishadi. Dostonni deyarli to'liq yod bilgan Alisher endi sevimli kitobini ko'nglida yashirincha takrorlab yurishga odatlanadi. "Mantiq ut-tayr" muhabbati uning doimiy hamrohiga aylanadi. Nihoyat, yoshi oltmishga yetganda to'rt devon va beshta dostoni bilan turkiy she'riyat mamlakatini o'z tasarrufiga kiritgan mutafakkir shoir bolalikdagi orzusini amalga oshirishga jazm etadi:
Turk nazmida chu men tortib alam,
1 Navoiyshunoslik. - T., 2018. - B. 11.
2 Dilnavoz Yusupova. Lison ut-tayr. - T., 2022. - B. 1.
10
www.birunijournal .uz
Ayladim ul mam lakatni yakqalam...
Munchakim nazm ichra qildim ishtig'ol,
Xotirimdin chiqmas erdi bu xayol.
Kim bu daftarg'a berib tavfiq Haq,
Tarjuma rasmi bila yozsam varaq...
Oltmishqa umr qo'yg'onda qadam 1
Mazkur mavzu yozma adabiyotda ilk bor Farididdin Attorning "Mantiq ut-tayr" asari orqali yaxlit va mukammal syujetga ega bo'lgan badiiy doston holiga keltirildi. Dostonning asosiy qismi hikoya ichida hikoya usulida yozilgan bo'lib, u qushlarning Simurg' tomon qilgan safarini tasvirlovchi qoliplovchi qissa va undagi ayrim epizodlarga ilova tarzida keltirilgan qirqdan ortiq hikoya, masal va latifalarni o'z ichiga oladi.
MUHOKAMA (Discussion)
Alisher Navoiyning "Lison ut-tayr" asari juda ko'p tillarga tarjima qilingan, jumladan, birinchi marotaba polyak tiliga polshalik mutaxassis Yanuj Kjijovskiy tomonidan tarjima qilinib, kitob shaklida chop etildi va Polsha kutubxonalariga tarqatildi va ushbu nashrning bir nusxasi muallifning iltimosiga binoan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonasiga sovg'a tariqasida taqdim etilgan4.
Alloh taolo yaratilmishlar ichida-so'zga ulkan qudrat ato etdi. Va bu qudratning anglanishi uchun yetuk daholarni sababkor qildi. Ana shunday daholardan biri so'z mulkining sultoni mir Alisher Navoiy hazratlaridir. Shoir asarlarining gultoji hisoblanmish "Lison ut-tayr"ning butun-butun sahifalari nuqul hikmatdan iborat. Hikmatki, hayotning har xil jabhasini mukammal darajada qamrab olgan. Va bu o'rinda so'zning o'rni beqiyosdir. Ulug' ijodkorning ushbu asariga kirib borar ekansiz voqealar rivojida nafaqat adabiyotning balki boshqa: tabiiy va aniq fanlar, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlarning har bir tarmog'ida shoirning mohirona qalam surishining guvohi bo'lasiz. Ya'ni, Navoiy nainki so'z ustasi, teran adabiyotshunos bo'lishi bilan birga biologiya, astronomiya, matematika, fiqh, mantiq, fasohat ilmidan ham o'z o'quvchilariga ustozlik qilib kelgan.
Unda syujet chiziqlari qayta ishlanishi bilan birga asarga tolib qushlar va yetakchi qush - Hudhud obrazi kiritildi. Qushlar podshosi nomi Simurg' tarzida o'zgartirildi va ko'pgina hikoyatlar qo'shildi. "Lison ut-tayr" murakkab irfoniy doston bo'lib, unda Navoiy majoziy obrazlar va ularning ramzli sarguzashtlari orqali obyektiv borliq va ilohiyot haqidagi qarashlarini bayon etadi, shu bilan birgalikda dostonda real hayot lavhalari, kishilarning xatti-harakati, fe'l-atvoridagi ijobiy va
3 Alisher Navoiy "Lison ut- tayr". -T, 2019. - B.169.
4 Izmuradova Shahnoza Toshtemirovna "Lison ut-tayr" asaridagi universalizm maqolasi.-T, 2022.-B.14.
11
salbiy xususiyatlar ham tasvirlangan. Doston an'anaga muvofiq muqaddimaviy boblar bilan boshlanadi. Muqaddima 13 bobdan iborat bo'lib, uning dastlabki bobi Alloh hamdiga bag'ishlangan. Navoiy bu olamni Alloh aniq bir reja asosida bunyod qilganligi haqida yozar ekan, unda hech bir narsa tasodifiy yaratilmaganligini aytadi. Shoirning fikricha, Yaratuvchi koinotdagi barcha narsa va hodisalarni o'zaro aloqador holda vujudga keltirgan, shu jihatdan olib qaraganda, tabiat son-sanoqsiz uyg'unliklarning bir butun majmuidan iborat. Allohning mo'jizasi sifatida bir-biriga zid bo'lgan to'rt unsur (suv, olov, tuproq va havo) inson vujudida bir butun holda birlashtirilgan, zero, butun olamni yaratishdan maqsad insondir: Uylakim dushman yarotib o'tqa suv, Yelni ham tufroqqa aylab aduv. Sun'idin ko'rgilki mundoq to'rt zid, Bo'lub inson xilqatida muttahid. Ofarin ishdin qilib inson g'araz, Oni aylab xalq ichinda beevaz5.
Mazkur bobda Navoiyning tabiat va ilohiyotning bir butunligi (vahdat ul-vujud) nazariyasiga asoslangan konsepsiyasi ham o'zining qisqacha poetik ifodasini topgan. Shoirning fikricha, olamdagi barcha narsa, hodisa va o'zgarishlarning ijodkori bo'lgan Xudo o'zi yaratgan narsalardan tashqarida emas, balki ular bilan birga, bir butun holda mavjuddir. Shunga ko'ra, ilohiyot va tabiatni bir-biridan ajratib qarash mumkin emas. Bobda, shuningdek, inson va shayton ziddiyati qalamga olinib, Alloh Odamni o'z siridan xabardor qilib, xalifalik toji bilan yuksaltirgani, shaytonni esa unga sajda qilishdan bosh tortgani uchun mardud-u la'in (rad etilgan va la'natlangan) qilganligi haqida ham aytib o'tiladi. Dostonning 2-bobi munojotni o'z ichiga oladi. Bobda o'tgan umrini sarhisob qilgan buyuk mutafakkirning o'z-o'zini taftish etishi, Yaratgan qoshida o'zini behad gunohkor deb hisoblashi bilan bog'liq fikrlar keltirib o'tilgan.
"Lison ut-tayr"ning 3-4-boblari payg'ambar Rasuli akram madhi va me'roj tuni ta'rifini o'z ichiga oladi. Navoiy dastlab "Nuri Muhammadiya" haqida fikr yuritar ekan, bu nur olam yaratilishidan ham ilgari mavjud bo'lganligini, Odam Atodan Shis payg'ambarga va shu orqali ko'plab nasllarga o'tib, Rasuli akramning otalari Abdullohga yetib kelganligi va nihoyat uning farzandi chehrasida payg'ambarlik nuri sifatida zohir bo'lganligini yozadi. Bobda shuningdek, Rasuli akramning payg'ambarlik davrlaridagi faoliyatlari: kofirlarga qarshi kurashganlari, Lot butining holini xarob qilganlari, xalqqa Allohdan boshqa iloh yo'qligi haqidagi haqiqatni yetkazganliklariga to'xtalib o'tiladi. Me'roj tuni ta'rifiga bag'ishlangan bobda esa
5 Alisher Navoiy. Lison ut- tayr. - T., 2019. - B. 171.
12
payg'ambarimizning huzurlariga farishta Jabroil kelib, Yaratganning xabarini yetkazgani va Rasuli akramning Buroq otini minib, Alloh huzuriga ko'tarilganliklari, oradagi yetmish qavat parda ko'tarilib, bor-yo'q to'siqlar bartaraf bo'lganligi, payg'ambarimiz Allohdan ummatlarining gunohini so'raganliklari va Alloh o'z habibining barcha istaklarini qabul qilgani haqida fikr yuritiladi. Dostonning 5-12-boblari to'rt xalifa - chahoryorlar tavsifiga bag'ishlangan.
Navoiy dastlab har bir xalifaga ta'rif beradi, ular sajiyasiga xos eng muhim nuqtalar bilan kitobxonni tanishtiradi, so'ngra chahoryorlar hayotidan muayyan voqea aks etgan hikoyatni keltiradi. Hazrat Abu Bakr Siddiqning sadoqati, Umar Foruqning adolati, Usmon Zinnuraynning halimligi va hayosi, Ali Murtazoning shijoati go'zal badiiy vositalar bilan ko'tarinki ruhda vasf etiladi, bu xalifalar islom olamining dastlabki arkoni davlati yoki oxirzamon payg'ambarining yaqin kishilari bo'lganliklari uchungina emas, balki axloq, ilm, dunyoqarash va e'tiqodi bilan barchaga o'rnak va namuna, payg'ambarimiz ishining haqiqiy davomchilari ekanliklari bilan yuksak sharafga erishganliklari alohida ta'kidlanadi. Xususan, to'rt xalifaning birinchisi Hazrat Abu Bakr Siddiq 172 madhiga bag'ishlangan bob (5-bob)da Alisher Navoiy bu zotni "sodiq-u siddiq" deb atab, tashbih san'ati vositasida payg'ambarimizni g'or ichidagi xazinaga, Abu Bakr (r.a.)ni esa shu xazinani qo'riqlab yotgan ajdarhoga o'xshatadi: Sodiq-u siddiq-u ham rozi oning, Har yomon-yaxshida damsozi oning... Ganjkim g 'or ichra pinhonlik qilib, Ajdahodek ul nigahbonlik qilib6.
Abu Bakr Siddiqning payg'ambarimizdan keyin xalifa imom bo'lib qolganliklarini go'yo quyosh ketib, oy qolganligiga nisbat beradi: O'rnig'a oni rasul aylab imom, Oy bo'lib xurshidg 'a doim maqom7.
Oltinchi bob Hazrat Abu Bakr Siddiq haqidagi hikoyatni o'z ichiga oladi. Hikoyatda aytilishicha, Abu Bakr Siddiq xalifalik taxtiga o'tirganlarida dindan qaytgan bir guruh kishilar islom farzlaridan biri bo'lgan zakotni bekor qilishni talab qiladilar. Shunda xalifa g'azab bilan: "Payg'ambar qonunida biror ip miqdoricha narsani ham o'zgartirish mumkin emas. Kimki bunga qarshi bosh ko'ta rsa, ularga javob qilich va o'qdir" deb aytadilar. Dostonning 7-bobi Hazrat Umar Foruq vasfiga bag'ishlangan. Alisher Navoiy islom olamida haqni xatodan farq qilishda bu kishiga teng keluvchi boshqa inson yo'q edi, deydi:
6 Alisher Navoiy "Lison ut- tayr". -T,2019.-B.173.
7 Alisher Navoiy "Lison ut- tayr".-T,2019.-B.173.
13
Haqni botildin birovkim qildi farq,
Adli birla ravshan etti g'arb-u sharq.
Ondin o'zga yo'q edi ofoq aro,
Balki ushbu qasri oliy toq aro8.
Sakkizinchi bob Hazrat Umar Foruqqa bag'ishlangan hikoyatdan iborat. Hikoyatga ko'ra, Hazrat Umar Madoyinni egallaganlarida, juda katta xazina yig'iladi. U zot bu xazina vamol-mulkka qo'z qirlarini ham tashlamaydilar: barcha xazinani g'azotga chiquvchilar uchun bo'lib berishni buyuradilar. To'qqizinchi bob Hazrat Usmon (r.a.) vasfidadir. Hazrat Usmon payg'ambarimizning ikki qizlariga uylanganliklari uchun "Zunnurayn" laqabini olganlar. Alisher Navoiy bu zotning Qur'oni karimni to'plaganlari, xalq Usmon ibn Affon deb atashi haqida shunday yozadi:
Tengri aylab jome'i Qur'on oni,
Xalq deb Usmon bin Affon oni9.
O'ninchi bob Hazrat Usmon haqidagi hikoyatni o'z ichiga oladi. Hikoyatga ko'ra, payg'ambarimiz (s.a.v.) bir kuni eldan farog'at istab, xilvatga kirib, bir oyoqlarini uzatib o'tiradilar. Ularning huzurlariga ba'zi zodagon sahobalar, ayrim aziz va sharif kishilar kirganlarida ham ularning holatlarida o'zgarish bo'lmaydi. Lekin xonaga hazrat Usmon kirgach, Rasuli akram uzatgan oyoqlarini yig'ib oladilar. Bu payg'ambarimiz (s.a.v.)ning hazrat Usmonga bo'lgan cheksiz hurmatlari ifodasi edi.
Mo'minlar amiri Hazrat Ali (r.a.) vasfiga bag'ishlangan o'n birinchi bobda bu zotning payg'ambarimizga farzand darajasida bo'lganliklarini aytib, ular orasida "men senikiman, sen menikisan" degan ahd mavjudligiga ishora qiladi va keyingi bobda Hazrat Alining e'tiqod va ibodatda mustahkam ekanliklari vasf etilgan hikoyat keltiradi. Unga ko'ra, g'azot janglaridan birida Hazrat Aliga o'q tegadi. O'qning uchi ularning suyaklarigacha botib, tortib olishning iloji bo'lmaydi. Shunda sahobalar payg'ambarimizdan bu ishning chorasini so'raganlarida, Rasuli akram "U namoz o'qiyotgan paytda o'qni tortib olish payida bo'lingiz. U namozga shunday berilgan bo'ladiki, o'qni tortib olganlaringni bilmay qoladi", - deydilar. Sahobalar aytilgandek qiladilar va Alloh kushoyish berib, bir lahzada jarohatdan na dard-u na o'q uchi qoladi.
Dostonning o'n uchinchi bobi buyuk forsigo'y adib Farididdin Attor madhiga bag'ishlangan. Navoiy so'z o'yini vositasida shoir taxallusiga majoziy nisbat berib, butun olamda boyliklar, dengiz va konlardagi dur-u gavharlar qancha bo'lsa undan yuzlab marotaba ko'prog'i Attor do'konida mavjudligini aytadi:
8 Alisher Navoiy "Lison ut- tayr".-T,2019.-B.173
9 Alisher Navoiy "Lison ut- tayr". --T,2019.-B .174
14
Har ne gardun bahr ila konida bor, Oncha yuz Attor do'konida bor10.
XULOSA (Conclusion)
Bob so'ngida Navoiy agar Haq madad bersa, mendek gado Shayx ruhidan yordam olib, qushlar nutqini izhor qilsam, ya'ni "Mantiq ut-tayr"ga javob yozsam deydi:
Lek haq tavfiq bersa, men - gado, Shayxning ruhig'a aylab iqtido. O'yla qushlar nutqini izhor etay, Bulbul-u to'ti kibi gu fto r etay. Kim xaloyiq chun tarannum aylagay, Qush tili birla takallum aylagay. Lek surmak nuktani to'ti misol, Budur insof o'lsa, ey farxunda fol. Kim bu to'ti tumasi bo'lg'ay shakar, Ul shakar fîkr aylasang bo'lg'aymagar. Tengrining lutf-u inoyat xonidin, Ya'ni ul Attorning do'konidin11.
Attor asarlarini sanab o'tgan Navoiy o'zi javob yozadigan dostonning Attor dostoniga munosib javob bo'lishiga umid bildiradi. Shoir ushbu asari orqali Attorga izdoshlik qilgan.
Xulosa o'rnida shuni aytish joizki, "Lison ut-tayr" falsafîy doston bo'lib,Navoiy turli majoziy obrazlar,qahramonlarning sarguzashtlari orqali tasavvuriy g'oyalarni aks ettirgan. Shoir asarda Xudodan tashqarida emas,sening o'zingda,degan fîkrni ilgari suradi. Shu yo'sinda insonni ulug'laydi, uning kamolotga erishish yo'lini yuksak she'riy mahorat bilan bayon etadi.Asarning barcha g'oyasi odamning tarbiyasini ko'rsatishga qaratilgan.
REFERENCES
1. Alisher Navoiy. Lison ut- tayr. - T., 2019.
2. Navoiyshunoslik. - T., 2018.
3. Dilnavoz Yusupova. "Lison ut-tayr". - T., 2022.
4. Izmuradova Shahnoza Toshtemirovna. "Lison ut- tayr" asaridagi universalizm. - T., 2022.
10 Alisher Navoiy "Lison ut- tayr". -T,2019.-B .174
11 Alisher Navoiy "Lison ut- tayr". -T.2019.-B.175
15