SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 2 I ISSUE 5 I 2021 _ISSN: 2181-1601
ALISHER NAVOIYNING "ARBA'IN" ASARIGA QISQACHA SHARH
Nilufar Mamatqulova
Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar insituti O'zbek tili kafedrasi o'qituvchisi
ANNOTATSIYA
Maqolada qirq hadisni o'zida jamlagan "Arba'in" asarining Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy tarjimalaridagi sharhlari haqida fikr yuritilgan.
Kalit so'zlar: hadis, tarjima sharhi, muqaddima, asar
BRIEF OVERVIEW OF ALISHER NAVOI'S WORK "ARBA'IN"
ABSTRACT
The article discusses the comments of Alisher Navoi and Abdurahman Jami on the translation of Arba'in, which contains forty hadiths.
Keywords: hadith, translation commentary, introduction, work
Ma'lumki, Alisher Navoiy qalamiga mansub she'riyatning barchasi "Xazoyin ul-maoni" tarkibiga kiritilmagan. Ularning ayrimlari mustaqil asarlar sifatida taqdim etilgan. Ana shunday asarlardan biri "Arba'in"ni misol qilib keltirish mumkin. "Arba'in" yoki "Arba'in hadis". "Qirq hadis" deb atalgan mazkur asarning yozilish tarixi to'g'risida Alisher Navoiyning o'zi asarning muqaddimasi hamda ustozi Abdurahmon Jomiy haqidagi "Xamsat ul-mutahayyirin" asarida shunday hikoya qiladi:
"Ul vaqtdakim (ya'ni 886-hijriy - 1481-melodiy yilda - B.V.) alar (ya'ni Abdurahmon Jomiy - B.V.) "Arba'in hadis"ni forsiy nazm bila tarjima qilib erdilar va ma'hud odat bila borcha ashobdin burunroq faqirg'a iltifot qilib, musavvadasin berdilar, chun mutolaasig'a mashg'ul bo'ldum..., hamul "Arba'in"g'a turkicha til bila tarjima orzusi ko'ngulga tushti. Alardin ruxsat sharafiga musharraf bo'lg'ondin so'ngra hamul kun ul samin javohir nazm silkiga kirdi" Demak, Alisher Navoiyning "Arba'in"i 886-hijriy - 1481-melodiy yilda yozilgan bo'lib, unda Rasululloh Muhammad (s.a.v.)ning qirqta saheh hadislari she'riy tarzda-to'rt misradan iborat qit'a shaklida sharh qilingan.
Hadislarni sharhlashdan kuzatilgan asosiy maqsadni Alisher Navoiy "Arba'in" uchun masnaviy shaklida yozilgan kirish qismida shunday bayon etgan:
Ul Rasuleki kalomi faseh,
Elga yetkurdi ham hadisi saheh.
To ulus jahldin xalos bo'lub,
Ilm xilvatgahiga xos bo'lib
SCIENTIFIC PROGRESS
VOLUME 2 I ISSUE 5 I 2021 ISSN: 2181-1601
Chun tog'din najot topqaylar, Ujmoq ichra hayot topqaylar.
Demak, asar xalqni jaholatdan asrash, uning ilmli va ma'rifatli bo'lishini istash maqsadida yozilgan. Darhaqiqat asarda pand-nasihat mavzusidagi qirqta hadis tanlanib, ular nihoyatda katta mahorat bilan o'zbek tilida talqin qilingan. Bu ishning qanday darajada amalga oshirilganini aniq tasavvur ettirish maqsadida ulardan ayrimlarini nazardan o'tkazish ma'qul.
1. "Hadisning asli: al-ilmu lo yubxalu minhu", ya'ni: ilmni to'hfa qilishda (o'rgatishda) baxillik qilma. Abdurahmon Jomiyning sharhi:
Ey, garonmoya mardi donishmand, Ki turo ilmi din buvad ma'lum. Musta'idro az on mashav mone', Mustahiqro az on makun mahrum. Alisher Navoiyning tarjima-sharhi: Ey xiradmand olimeki senga, Ilmi din ro'ziy ayladi sone'. Kishi o'rgansa, qilmag'il mahrum, Yoki naf olsa, bo'lmag'il mone'.
Keltirilgan misolda arab, fors va turkiy tillar qatnashmoqda. Arab tilidagi asl matn nihoyatda ixcham bo'lib, to'rt so'zdan tashkil topgan. Jomiy va Navoiy misralari esa asliyatning so'zma-so'z tarjimasi bo'lmay, balki badiiyat qonuniyati asosida amalga oshirilgan to'rt misralik qit'a talablariga muvofiq sharhlardir, ularda qofiya bor, vazn bor. Jomiy va Navoiy sharh-qit'alarining birinchi baytida olim-donishmandga murojaat qilish bor. Bu murojaat asliyatda yo'q, demak ular sharhlovchilarning ilovasi. Qit'alarning ikkinchi baytida esa hadisning mazmuni qamrab olinib, ular asosiy maqsadni ifodalovchi yakuniy baytga aylanganlar. Shunday qilib, bu sharhlar hadis ruhidagi axloqiy mavzudan bahs yurituvchi mustaqil qit'alardir.
2. Hadisning asli: "xayr un-nasi man yanfa' un-nasa," ya'ni yaxshi odam ulki, odamlarga nafi tegadi yoki odamlarga foydasi tegadigan kishi yaxshi odamdir. Abdurahmon Jomiy sharhi:
Ey, ki pursi ki behtarin kas kist? Go'yam az qavli behtarin kason: Behtarin kas kase buvad, ki zi xalq Besh boshad ba xalq nafrason. Alisher Navoiyning tarjima-sharhi: Xalq aro yaxshiroq, deding, kimdur? Eshitib, ayla shubha rafandin. Yaxshiraq bil oni ulus orakim Yetsa ko'proq ulusqa nafandin.
SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 2 I ISSUE 5 I 2021 _ISSN: 2181-1601
Umumiy yo'nalish, ya'ni tarjima-sharhlik nuqtai nazaridan bu misol ham avvalgisiga o'xshash bo'lsa-da, ammo buning o'ziga xos tomonlari ham bor. Bu o'ziga xoslikning birinchisi shundan iboratki, arab tilidagi matnda saj' san'ati (nasi-nasa) ko'zga tashlanadi. Hadis o'z ruhi bilan savol-javob uslubini esladi. Ana shu uslub Jomiy va Navoiy sharhlarida ham mavjud. Shuning uchun har ikki muallif qit'alarining birinchi bayti shoirlarning savol beruvchi shaxsga murojaati shaklini olgan bo'lsa, ikkinchi baytlar unga javob tarzida bo'lib, hadisning mazmunini o'zlarida mujassam etganlar. Ikkinchidan, hadisning birinchi qismidagi "xayr un-nasi" - "yaxshi odam" iborasi Jomiyda uch marta "behtarin kas" tarzida takrorlangan bo'lsa, Navoiyda "yaxshiroq kim" iborasi ikki marta ishlatilib, asosiy urg'u shunga qaratiladi hamda oxirda unga javob beriladi. Shunday qilib, Jomiy ham, Navoiy ham bu xulosani fikrning yuqori nuqtasi darajasiga ko'taradilar va o'quvchini unga zinama-zina olib chiqadilar.
Sunday qilib, Alisher Navoiyning "Arba'in hadis" yoki "Arba'in" deb ataluvchi asari hadislar misolida muallifning hayot va insoniylikka doir mulohaza va mushohadalarini yaqqol gavdalantiradi.
REFERENCES
1. Navoiy Alisher. Vaqfiyya / Nashrga tayyorl. I.SHamsimuhamedov. T. : Fan, 1991.
2. Munojot / Nashrga tayyorl. va lug'atlar muallifi: Suyima G'ani qizi. T.: Adabiyot va san'at, 1991.
3. Arba'iyn / Nashrga tayyorl. Karimbek va Saidbek Hasan; SHarhlovchi A.Rustam. T.: Meros, 1991.
4. www.ziyonet.uz